Yo‘llardagi xavfsizlik – avtomobilchilar orasida eng keng muhokama etiluvchi mavzu. Har bir kishi o‘z huquq va majburiyatlarini bilishi kerak, lekin ko‘p hollarda haydovchilar YHXI xodimi tomonidan qandaydir qoidaning buzilganligi uchun belgilangan jazosi huquqiy jihatdan to‘g‘ri ekanligiga shubha bilan qaraydilar.

Biz sizlarni YHQning buzilganligi uchun davlat tomonidan belgilangan jarimalar miqdori bilan tanishtirishga qaror qildik, va o‘ziga xos yo‘riqnoma taqdim etmoqchimiz.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksida Jarimalar jadvali ancha katta, shu sababli biz jarimalar turlarini eng kichik jazodan kattasiga qarab uchta guruhga bo‘ldik.

Shunday qilib, bugun biz eng kam miqdordagi jarimalar va ularni olishga sabab bo‘luvchi qoida buzilishlarini ko‘rib chiqamiz:

1 Haydovchilarning xavfsizlik kamarisiz va shlemsiz (mototsiklda) transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilar tashish eng kam ish haqining beshdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (bugungi kunda 23 680 so‘mni tashkil etadi)
2 Haydovchilarning nosozligi bo‘lgan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan, shuningdek, ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shovqin darajasi belgilangan me’yorlardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (59 200 so‘m)
3 Transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari bilan belgilab qo‘yilgan talablarga, odam tashish, transport vositalarini quvib o‘tish qoidalariga rioya etmasligi, yo‘lovchilarga loy sachratishi, sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi xuddi shuningdek eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarimaga tortilishingizga sabab bo‘ladi (59 200 so‘m)
4 Xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish
eng kam ish haqi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (118 400 so‘m)
5 Agar xuddi shunday huquqbuzarlikni ikki marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida yana takror sodir etsangiz jarima miqdori uch barobar ko‘payadi va endi jarima eng kam ish haqining uch barobariga teng bo‘ladi (355 200 so‘m)
6 Agar siz uchinchi marta jarimaga tortilganingizdan so‘ng yil davomida yana shu qoidalarga rioya qilmasangiz to‘rt minimal ish haqi miqdorida jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi (473 600 so‘m)
7 Haydovchining yonida transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasiga egalik qilish va uni vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik haqidagi (yoki egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi) hujjatlari bo‘lmagan, shuningdek, haydovchida sug‘urta polisi, litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi yonida bo‘lmagani holda transport vositalarini boshqarishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismi, 59200 so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi
8 Transport vositasining tormoz tizimi, rul tizimi va ulovchi mexanizmida nosozlik bo‘lsa, yoki ular maxsus ruxsatnomasiz qayta o‘rnatilgan bo‘lsa haydovchi bir minimal ish haqi (118 400 so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi
9 Tashkilotlarga qarashli transport vositalarini ishdan tashqari vaqtda, ulardan foydalanish shartlariga muvofiq keladigan tarzda maxsus jihozlanmagan joyda saqlanishi fuqarolarga eng kam ish haqi miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — ikki barobari (236 800 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi
10 Davlat standarti me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan qoraytirilgan oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi
11 Agar haydovchi ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida xuddi shunday huquqbuzarlikni takror sodir etgan bo‘lsa eng kam ish haqining ikki barobari (236 800 so‘m) miqdorida jarima solinishga sabab bo‘ladi
12 Tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, shuningdek, ularni o‘zgartirib o‘rnatish eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (118 400 so'm)
13 Transport vositasini boshqarish paytida monitordan (displeydan) tele-, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish, transport vositasiga o‘zboshimchalik bilan monitor (displey) o‘rnatish eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (118 400 so'm)
14 Monitor transport vositasi salonining old qismiga o‘rnitilsa eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (236 800 so‘m)
15 Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (118 400 so‘m)
16 Haydovchining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (236 800 so‘m)
17 Transport vositasini sug‘urta polisisiz boshqarish, yohud o‘z transport vositasini sug‘urtalashdan bosh tortish fuqarolarga eng kam ish haqi miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — uch barobari (355 200 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi
18 YHQning buzilishi avariya holatini keltirib chiqarsa chiqarsa bitti minimal ish haqi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (118 400 so'm)
19 Haydovchilarning tashkilotlarga qarashli transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishi eng kam ish haqining ikki barobari (236 800 so‘m)miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi