Shuni tan olishimiz kerakki, avtomobilda bolalarni olib yurishda maxsus avtoo‘rindiqdan juda kam kishi foydalanadi. Ko‘p hollarda bolalar orqa o‘rindiqda, o‘zi hoxlaganicha o‘tiradi. Lekin shu bilan birga bolalar avtoo‘rindig‘idan foydalanish avtohalokat natijasida yuz beruvchi o‘lim xavfini ancha kamaytiradi, bundan tashqari keskin tormoz berilganda bolaning xavfsizligini ta’minlaydi.
Avtoo‘rindiq sotib olish – mas’uliyatli ish. U arzon emas, shu sababli ham uni sotib olishga jiddiy qarash kerak, xarajatlardan tashqari bu xaridga farzandingizning salomatligi (balki hayoti ham) bog‘liq. Bundan tashqari, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni mototsiklning orqa va avtomobilning oldingi o‘rindig‘ida bolalarga mo‘ljallangan maxsus ushlab turuvchi uskunalar o‘rnatmay olib yurish ta’qiqlanadi (O‘zR YHQning 25.8 punkti).
Shunday qilib, bolalar avtoo‘rindig‘ini sotib olishda nimaga e’tibor berish kerak?
Birinchidan, darhol “eng xavfsiz” avtoo‘rindiqni izlash shart emas. Avtoo‘rindiq tanlashda e’tibor berilishi kerak bo‘lgan bir nechta omilni hisoblab chiqish sizning farzandingiz xavfsizligini ta’minlaydi.
Avvalo o‘rindiqlar qanday vazn guruhiga mo‘ljallanganligini bilib olishingiz kerak. Avtoo‘rindiqlarning vazn bo‘yicha guruhlari Yevropa Xavfsizlik Standartlariga muvofiq belgilanadi va u butun dunyoda qabul qilingan.
Bunday guruhlar beshta:
- 0 guruh – vazni 10 kg gacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan.
- 0+ guruhi - 13 kg gacha.
- I guruh –9 kg dan 18 kg gacha.
- II guruh –15 kg dan 25 kg gacha.
- III guruh – 22 kg dan 36 kg gacha.
Barcha o‘rindiqlar harakat yo‘nalishiga qaratilgan holda o‘rnatiladi, faqat 0 guruh o‘rindiqlar bo‘ndan mustasno. Bu guruh eng kichkintoylar uchun mo‘ljallanganligi sababli o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
0 guruhga kiruvchi avtoo‘rindiqlar bolalarni ko‘tarib yurish vositasi sifatida ham xizmat qiladi – ularda ko‘tarib yurish uchun dastalar bor, uyda esa ulardan go‘dakni tebratish uchun belanchak sifatida foydalanish mumkin. Bu guruhga kiruvchi o‘rindiq harakat yo‘nalishiga teskari o‘rnatish kerak, va bu qoidagi imkoni boricha uzoq vaqt – har holda bola boshini ushlay oladigan va o‘tiradigan bo‘lgunga qadar amal qilish kerak. Bunday avtoo‘rindiqlarining maxsus asosga o‘rnatiladigan modellari mavjud bo‘lib – bu o‘rindiqni avtomobil saloniga o‘rnatish va yechib olishni osonlashtiribgina qolmay, uning xavfsizligini ham oshiradi. O‘rindiqlarning ichki kamarlari albatta keng va yumshoq bo‘lishi kerak.
Kichkina eslatma:
Ikkinchidan, avtoo‘rindiqning markirovkasiga e’tibor berish kerak, u ECE R44/03 yoki ECE R44/04 markirovkaga ega bo‘lishi afzal, bu Yevropa Xavfsizlik Standartlariga muvofiqlikni bildiradi. Bunday markirovka bo‘lgan o‘rindiqdan xotirjam bo‘lishingiz mumkin: u barcha sinovlardan o‘tgan va xavfsiz hisoblanadi.
Uchinchidan, avtoo‘rindiqda o‘tirish sizning farzandingiz uchun qulay bo‘lishi kerak. Kichkina bolalar ko‘pincha yo‘lda uxlab ketishadi, shuning uchun o‘rindiq qiyaligi o‘zgartirilishi mumkin bo‘lishi kerak. Bunday qurilma ko‘pchilik o‘rindiqlarda bo‘lishiga qaramay, o‘rindiq qiyaligini o‘zgartirish imkoniyati ishlab chiqaruvchi-firmaga bog‘liq ravishda farqlanadi. Agar siz bolalaringizni go‘dakligidayoq avtoo‘rindiqdan foydalangan bo‘lsangiz, kattaroq “yosh”dagi o‘rindiqlarda muammo tug‘ilmasligi kerak. Farzandingiz bir yoshdan katta bo‘lsa uni sotib olayotganda bolani o‘tqazib ko‘rib, unga qulay bo‘lsa xarid qilish kerak. Bu nega muhim? Agar bola o‘rindiqda o‘zini yaxshi his qilmasa va u noqulay bo‘lsa, yo‘lda bola injiqlik qilishi va sizni avtomobilni boshqarishdan chalg‘itishi mumkin, bu esa yo‘lda avariya holati vujudga kelishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli ham ushbu omilga avvalroq e’tibor berish va xarid qilishdan avval bolani o‘rindiqqa o‘tqazib ko‘rish kerak.
Shuningdek, xarid qilishdan avval avtoo‘rindiqni mashinaga o‘lchab ko‘rish kerak. Ko‘pchilik o‘rindiqlar universal va turli rusumdagi avtomobilga to‘g‘ri kelishiga qaramay, sotib olingan o‘rindiq sizning avtomobilingizga to‘g‘ri kelmay qolishi ham ehtimoldan holi emas. Bu hol achinarli emasmi?
To‘rtinchidan, ichki xavfsizlik kamarlariga e’tibor bering. Bu yerda qulf va uning ichki qismi qoplangan material sifatini hisobga olish zarur. Xavfsizlik kamari tuzilishi shunday bo‘lishi kerakki, bola uni mustaqil ravishda ocha olmasin. Uning tagidagi matodan qilingan qoplama yumshoq va elastik bo‘lib, YHX ro‘y bergan holda qulf bola qorniga ziyon yetkazmasligini ta’minlashi kerak.
Va, nihoyat, beshinchidan, o‘rindiq oson o‘rnatilishi va oson yechilishi kerak, bu sizning mushkulingizni yengillashtiradi. O‘rindiqni o‘rnatish uni mahkamlovchi moslamalarga bog‘liq - bunday moslamalarning ikki turi mavjud. Birinchi usul – avtomobil xavfsizlik kamarlari yordamida o‘rnatish, bu keng tarqalgan usul bo‘lib, uning yordamida deyarli barcha turdagi o‘rindiqlarni o‘rnatish mumkin.
Ikkinchi usul eng qulay va xavfsizlikni ta’minlovchi bo‘lib, u ISOFIX tizimi yordamida o‘rnatishni bildiradi. Bundan usul sizning avtomobilingizda ISOFIX tizimi bo‘lishini talab etadi. Bu tizimning o‘ziga xos tomoni shundaki, bolalar avtoo‘rindig‘i avtomobilga o‘rnatilgan va kuzov bilan bog‘langan metall tutqichlar bilan mustahkamlanadi. Bunday tizim bilan barcha turdagi avtomobillar jihozlanmagan, shu sababli ham xarid qilishdan avval bu masalaga aniqlik kiritib olish kerak.
Quyida O‘zbekistonda ISOFIX tizimi mavjud bo‘lgan avtomobillar ro‘yxati keltirilgan:
Chevrolet Captiva – 2006 yildan keyin chiqqan
Chevrolet Epica – 2006 йилдан кейин чиққан
Chevrolet Lacetti – 2004 yildan keyin chiqqan
Chevrolet Matiz – 2004 yildan keyin chiqqan
ISOFIX tizimi mavjud bo‘lgan avtomobillarning to‘liq ro‘yxatini bu yerdan ko‘rishingiz mumkin.
ISOFIX tizimining afzalliklari shundaki, avtoo‘rindiqni o‘rnatish juda oson va unda xatoliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘rindiq tutqichlarga maxsus qulflar yordamida biriktiriladi, ular esa suriluvchi moslamada joylashgan, shunday qilib, siz o‘rindiqni o‘rnatishda xato qilmaysiz, - u yo biriktirilgan, yoki biriktirilmagan bo‘lishi mumkin (kamarni noto‘g‘ri bog‘lash, haddan tashqari qattiq tortib qo‘yish kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan xavfsizlik kamarlari yordamida o‘rnatishdan farqli). Xavfsizlik esa tutqichlarning avtomobil kuzovi bilan biriktirganligi bilan ta’minlanadi: bu qo‘shimcha mustahkamlikni va to‘qnashuv vaqtida bo‘yinga tushadigan zarb kamayishini ta’minlaydi. Izoh: ISOFIX tizimi 0 va I guruhlar uchun ko‘zda tutilgan, chunki 18 kg gacha bo‘lgan vaznga chidash beradi.
Shuni ta’kidlash kerakki, o‘rindiq qoplamasini yuvish mumkinligi haqida qiziqib ko‘rish kerak. Qoplamani yechish mumkinligi deyarli barcha ishlab chiqaruvchilar tomonidan ko‘zda tutiladi, lekin bu masalani aniqlashtirib olsangiz yomon bo‘lmaydi.
Bolalar o‘rindig‘ini qachon almashtirish kerak? 0 va 0+ guruh uchun hal qiluvchi omil bo‘lib bola boshining joylashishi hisoblanadi: u o‘rindik suyang‘ichining yuqori qismidan chiqib turmasligi kerak. I va undan yuqori guruhlar uchun ham bola boshi, ham kamarlar holati muhimdir, o‘rindiqning yuqori qismidan bola boshining uchdan bir qismidan ko‘pi chiqib tursa, sizning farzandingiz uchun o‘rindiq kichkina bo‘lib qolgan bo‘ladi. Ichki xavfsizlik kamarining chiqish joyi bolaning yelkasidan pastda bo‘lsa, bu ham o‘rindiq farzandingiz uchun kichkina bo‘lib qolganligi bildiradi.
Qanday avtoo‘rindiq tanlash sizning moliyaviy holatingiz va o‘rindiqqa bo‘lgan talablargi bog‘liq bo‘ladi. Biz xarid qilishda e’tiborga olish shart bo‘lgan asosiy omillarni sanab o‘tdik. Bunday jihozlangan avtoo‘rindiq sizning farzandingiz xavfsizligini ta’minlaydi, turli xil qo‘shimcha qismlar (quyosh tushmasligi uchun pardadan tortib, stakan/butilkacha qo‘yish joyigacha) o‘rnatilgan modellar juda ko‘p. Bularning barchasi – narx va zaruriyatga bog‘liq, va uni o‘zingiz hal etishingiz kerak.
Biz bolalar avtoo‘rindiqlari sotib olishingiz mumkin bo‘lgan do‘konlar manzili to‘g‘risidagi ma’lumot bermoqchimiz.
Chicco Baby do‘koni ― saytga murojaat.
TAKO bolalar do‘koni - saytga murojaat.
New Millenium Kids do‘koni - saytga murojaat.
Xarid bo‘yicha yana bir maslahat: iloji boricha yangi avtoo‘rindiq sotib olishga harakat qiling. Ishlatilgan o‘rindiq sotib olganingizda siz uning xavfsizligiga amin bo‘lolmaysiz. O‘rindiq o‘zagida ozgina o‘zgarish bo‘lsa ham bu juda og‘ir natijaga olib kelishi mumkin – farzandingizning salomatligidan ham afzal narsa bormi?
Yana bir marta yo‘llarda xavfsizlik faqat farzandingiz uchun muhim emasligini eslatib qo‘ymoqchimiz. Afsuski, bizda ko‘pchilik haydovchilar xavfsizlik kamarini xavfsizlikni ta’minlash uchun emas, jarimadan qo‘rqqanligi uchun taqadi. Iltimos, yo‘llarda ehtiyot bo‘ling va o‘zingizning, yo‘lovchilaringiz va piyodalarning xavfsizligi to‘g‘risida unutmang.